O‘zbekiston-Yaponiya Markazi kutubxonasi
O‘zbekiston-Yaponiya Markazi kutubxonasi Yaponiya madaniyati, san’ati, tili, kinosi, musiqasi, biznesi, ilm-fan, zamonaviy hayotiga oid kitob va jurnallarning katta to‘plami, shuningdek, yapon tilini o‘rganish uchun darslik va lug‘atlarga boy noyob maskandir. Bu yerda yapon adabiyotining klassik asarlaridan tortib, yapon tilida nashr etilgan zamonaviy kitoblar to‘plamini topishingiz mumkin.
Kutubxonamizda yapon, o‘zbek, ingliz va rus tillarida 10 mingga yaqin kitob mavjud bo‘lib, bunday bebaho to‘plamdan har bir tashrif buyuruvchi foydalana oladi. Uyda foydalanish uchun ham kitoblar, jurnallar va gazetalar (yangi davriy nashrlar bundan mustasno), shuningdek, CD va DVD disklari ham beriladi.
Shu bilan bir qatorda, kutubxonada nafaqat kitoblar to’plami, balki Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuvning haqiqiy markazi hamdir. Markaz kutubxonasida 2001-yildan buyon Yaponiyaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid hujjatli filmlar, mashhur yapon rejissyorlarining badiiy filmlari ham jamlangan.
Kutubxonada yapon tili va yapon zamonaviy madaniyati bo‘yicha yapon tilida so‘zlashuv klubi, manga, shogi yapon shaxmati to‘garaklari, turli ko‘rgazmalar, badiiy tanlovlar va boshqa bir qator tadbirlar faol o‘tkazib kelinmoqda.
Yaponiyada o‘qishga qiziquvchilar uchun esa, yapon universitetlari haqida ma’lumotlar yozilgan risolalar taqdim etiladi.
O‘zbekiston-Yaponiya Markazi kutubxonasi tashrif buyuruvchisi bo‘lish bu nafaqat yapon madaniyatidan ilhom olib dunyoqarashingizni boyitish imkoniyati, balki o‘zbek va yapon xalqlarini o‘zaro birlashtirgan xalqaro hamjamiyatning bir qismiga aylanish imkoniyatidir.
© 2001 - 2024 UJC.